Farg‘ona viloyati Farg‘ona shahrining Kashtanzor ko‘chasi negizida yangi turizm obyekti tashkil etiladi.
Hudud aholisi hamda u yerga tashrif buyuruvchi mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun mazmunli vaqt o‘tkazish maqsadida tashkil etilayotgan ushbu maskan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2-apreldagi “«Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida barpo etilmoqda.
Farg‘ona dehqon bozoridan “Pingvin” kafesigacha bo‘lgan 2-2,5 kilometr uzunlikdagi hududdagi “Turizm ko‘chasi”ni xiyobon ko‘rinishida qurish rejalashtirilgan. Mazkur obyekt eng yorug‘ manzillardan biri bo‘lishi uchun zamonaviy yoritgichlar o‘rnatiladi. Mavsumiy noqulay ob-havo sharoitlarida o‘rindiqli soyabonlardan foydalaniladi.
Shuningdek, ko‘cha bo‘ylab jonli sanʼat burchaklari tashkil qilinib, rassomlarning, haykaltaroshlar, sozandalar ijod qilishi uchun barcha qulayliklar yaratiladi. Suvenirlar savdosi, milliy hunarmandchilik mahsulotlari rastalari uchun ham joy ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, sayyohlarga sifatli xizmat ko‘rsatish borasida sanitariya-gigiyena punkti va turizm axborot markazi tashkil etiladi.
“Alisher Navoiy” kinoteatri, viloyat Madaniyat uyi, “Yoshlik” restorani, Dehqon bozori, “Asia.uz” supermarketi, “Book cafe” kabi majmualarning ham ushbu hududda joylashganligi “Turizm ko‘chasi”ga yana-da ko‘proq sayyohlarni jalb etish imkoniyatini beradi.
Mazkur obyektda sayyohlarning “shopping” qilishi, kitob o‘qishi, sevimli filmini ko‘rib, madaniy hordiq chiqarishi, madaniyat uyi xodimlari tomonidan tashkillashtirilgan turli badiiy chiqishlardan bahramand bo‘lishi mumkin.
“Turizm ko‘chasi”ni ,eng avvalo, xalqimizning milliy hunarmandchiligi, madaniyati, sanʼati, kundalik turmushini namoyon etuvchi go‘sha sifatida mehmonlar uchun tashrif obyektlaridan biriga aylantirish ko‘zda tutilgan. Kulolchilik, atlas-adras to‘qish ustaxonalari uchun alohida joy ajratish shular jumlasidandir.
Loyiha doirasida piyodalar, velosipedlar uchun alohida yo‘laklar va ko‘cha bo‘ylab sayr uchun maxsus kichik transportlar faoliyati ham yo‘lga qo‘yilishi belgilangan. selfi va WI-FI zonalari esa bugungi texnologiyalar asriga mos ravishda alohida ahamiyatga ega ekanligi hisobga olgan holda bunyod etilayotgan ushbu ko‘cha tez orada Farg‘ona zaminining tayanch nuqtasiga aylanishi, shubhasiz.