Qadimgi Buyuk ipak yo‘lining paydo bo‘lishi va rivojlanishi jarayoniida savdo va tranzit yo‘llarning ahamiyati nihoyatda kattadir. Mil. avv. III ming yillikka kelib, O‘rta Osiyoning ko‘pgina hududlari qadimgi aholi tomonidan o‘zlashtirib bo‘lingan edi. Cho‘l va dasht hududlardagi ko‘chmanchi chorvador aholi vohalardagi o‘troq aholi bilan o‘zaro aloqalarni bronza davriga kelib yanada rivojlantiradilar. Tarixiy adabiyotlardan ma’lum bo‘lishicha, Buyuk ipak yo‘li tashkil topmasdan ancha ilgariyoq Qadimgi Sharq va O‘rta Osiyo hududlarida o‘zaro almashinuv yo‘llari mavjud edi.
Bronza davridagi (mil. avv. III—II ming yilliklar) ana shunday yo‘llardan biri «Lojuvard yo‘li» deb atalib, uning bir tarmog‘i Badaxshon, Baqtriya va Marg‘iyona hududlarini Xorazm, So‘g‘d, Markaziy Qozog‘iston va Ural bilan bog‘lagan. Yana bir tarmog‘i esa, Baqtriya va Marg‘iyonani Mesopotamiya bilan bog‘lagan. Bu yo‘l Pomir tog‘laridan boshlanib, Eron, Old Osiyo, Misr orqali o‘tgan. Badaxshon Lojuvardining Hind vodiysi, Mesopotamiya va Misrdan topilishi bu qimmatbaho toshning Qadimgi Sharqda nihoyatda qadrlanganligidan dalolat beradi.
Qadimgi yo‘llardan yana biri, Eron ahmoniylarining yo‘li bo‘lib, bu yo‘lning bir tarmog‘i mil. avv. VI—IV asrlarda kichik Osiyo shaharlarini hamda O‘rta Yer dengizi bo‘yidagi Efes, Sardi shaharlarini Eronning markazlaridan biri Suza bilan bog‘lagan bo‘lsa, yana bir tarmog‘i Eron-Baqtriya orqali So‘g‘diyona, Toshkent vohasi va Qozog‘iston hududlaridan o‘tib Oltoygacha borgan. Tarixiy adabiyotlarda bu yo‘l «shoh yo‘li» deb ataladi.
Mil. avv. 138 yilda Xitoy imperatori U-Di Chjan Syanni O‘rta Osiyo yerlariga jo‘natadi. Elchi Chjan Syan (mil. avv. 138-126 yillarda) Xitoyning xunnlarga qarshi kurashi uchun ittifoqchi izlab kelgan edi. Mil. avv. II-I asrlarga kelib, Chjan Syan yurgan yo‘llarda Xitoyni O‘rta va o‘arbiy Osiyo bilan bog‘layigan karvon yo‘li paydo bo‘ladi. Bu yo‘l Buyuk ipak yo‘li deb atalib, umumiy uzunligi 12 000 km dan iborat edi. Ilk o‘rta asrlarga kelib, Ipak yo‘lining yanada rivojlanganligini kuzatish mumkin. O‘z davrida nihoyatda katta ahamiyatga ega bo‘lgan bu yo‘lning dastlabki tarmog‘i Xitoydagi Sian’ shahridan boshlanib, Sharqiy Turkiston, O‘rta Osiyo, Eron, Mesopotamiya orqali O‘rta Yer dengizigacha cho‘zilgan.
Buyuk ipak yo‘lining tarmoqlari
Xitoyning Anosi shahriga kelib, Ipak yo‘li bir necha tarmoqlarga bo‘linib ketgan. Xususan bir tarmoq Anosi-Xami-Qoshg‘ar orqali Qo‘qonga, undan esa Toshkentga o‘tgan. Bu yerdan Jizzax va Samarqand orqali Buxoroga kelgan yo‘l Urganch orqali Gur’evga, u yerdan Oqsaroy orqali Qora dengiz bo‘ylariga chiqqan. Yana bir tarmoq esa Dunxuan orqali Xo‘tanga, undan Loxurga o‘tib ketgan.
Undan tashqari Buxoroga kelib, bu tarmoq ikkiga bo‘lingan. Janubiy yo‘nalish Bu-xoro-Qarshi-Termiz orqali Nishopurga o‘tgan va Hirot orqali Hindistonga o‘tib ketgan. Nishopurdagi tarmoqlardan biri Tehron-Qazvin-Hamadon-Bog‘dod-Palmira yo‘nalishi bo‘ylab O‘rta Yer dengizi bo‘yidagi Tir shahrigacha cho‘zilgan. Umuman olganda Ipak yo‘lining janubiy tarmog‘i O‘zgan orqali O‘shga o‘tib, Quva — Marg‘ilon-Qo‘qon orqali Xo‘jand, Samarqand, Buxoroga o‘tgan. Shimoliy yo‘nalishi esa, Xazar xoqonligi va Bulg‘or davlati orqali Kiev Rusi va Yevropa mamlakatlariga borib, bu tarmoq VI asrdan boshlab rivojlana boshlagan. Ipak yo‘lining asosiy karvon yo‘llaridan tashqari ichki savdo yo‘llari ham mavjud edi.
Buyuk ipak yo‘lining ahamiyati
O‘rta Osiyo hududlarida antik davrdan boshlab, rivojlanish jarayonlari Buyuk ipak yo‘li bilan uzviy bog‘liqdir. Xususan, mil. avv. II asrdan boshlab Xitoy va O‘rta Osiyo tarixiy-madaniy viloyatlari bilan savdo va madaniy aloqalar rivojlanib bordi. Farg‘ona, So‘g‘d va Baqtriyaga ipakchilik kirib keldi. Karvon yo‘li rivojlanib borgan sari savdo-sotiq va madaniy aloqalar rivojlanib bordi. Kushonlar va eftalitlar davriga kelib (I-VI asrlar), O‘rta Osiyo orqali o‘tuvchi Ipak yo‘li tarmoqlari nazoratini mahalliy so‘g‘diy aholi qo‘lga oladilar. Qo‘shni davlatlar ham Ipak yo‘lidan manfaatdor bo‘lganligi sababli ilk o‘rta asrlarda Eron va Vizantiya hukmdorlari so‘g‘diylar bilan qonli kurashlar olib bordilar.
Milodning boshlarida qadimgi dunyoning ilg‘or madaniyatli davlatlari asosan to‘rttaga: Rim, Parfiya, Xitoy va Kushon davlatlariga bo‘linar edi. o‘arbda Britan orollaridan sharqda Tinch okeani sohillarigacha cho‘zilgan bu zabardast saltanatlar insoniyat tarixida birinchi bo‘lib «Buyuk ipak yo‘li» deb nomlanuvchi yo‘l bilan bog‘landilar. Ipak yo‘li rivojlanib borgan sari podsholarning o‘zaro elchilar yuborishlari, bir-birlariga har xil sovg‘alar in’om etishlari an’anaga aylandi. Savdo-sotiq misli ko‘rilmagan darajada rivojlanib bordi. Shuningdek, Sharq bilan o‘arb madaniyatining bir-biriga ta’siri kuchaydi. Davlatlar rivojlanishidagi ko‘plab madaniy o‘xshashliklar ham shu tufayli yuzaga keldi.
Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab ko‘plab karvonsaroylar, shaharlar barpo etildi. Bu yo‘ldan borayotgan savdogarlar ko‘pincha yo‘lning oxirigacha bormas edilar. O‘rta Osiyo viloyatlari bu yo‘lning o‘rtasida joylashganligi sababli savdogarlar Xorazm, Samarqand, Termiz va boshqa hududlarda o‘z mollarini sotib, mahalliy mahsulotlarni xarid qilar edilar. O‘rta asrlar O‘rta Osiyo bozorlarida chetdan keltirilgan ko‘plab mahsulotlar mavjud ediki, hozirgi kunda ipak yo‘li ustidagi ko‘hna shaharlar va manzilgohlardagi arxeologik qazishmalar natijasida topilayotgan topilmalar fikrimizning dalilidir.
Mil. avv. II asrda paydo bo‘lib, milodning XVI asriga qadar faoliyat ko‘rsatgan Buyuk ipak yo‘li shu davr ichida Sharq va o‘arb xalqlarining keng miqyosidagi o‘zaro madaniy va iqtisodiy aloqalari tarixida katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu yo‘l orqali aloqalar qilgan qadimgi xalqlarning o‘zaro hamkorlik, almashinuv va madaniyatla-rining boyib borishi, tinchlik va taraqqiyot uchun asos bo‘lib xizmat qildi. O‘zbekiston hududlari bu yo‘lning chorrahasida joylashgan bo‘lib, bu yerga turli mamlakatlardan savdogarlar, hunarmandlar, olimlar va me’morlar tashrif buyurgan-lar.
UNESCO tomonidan «Buyuk ipak yo‘li-muloqot yo‘li» dasturining ishlab chiqilishi Yevrosiyodagi 30 dan ortiq yetakchi davlatlarning 2000 yilga qadar ilmiy-madaniy faoliyati uchun yo‘nalish bo‘ldi. Respublikamiz hududlarida ham ilmiy ekspedisiyalar tashkil etildi. Buning natijasida ko‘pgina tarixiy-madaniy obidalar o‘rganildi, qadimgi yo‘llar va yo‘nalishlar aniqlandi, milliy va ma’naviy boyligimiz hamda an’analarimiz o‘rganildi. Juda ko‘pchilik tadqiqotchilar ishtirok etayotgan «Buyuk ipak yo‘li-muloqot yo‘li» dasturining asosiy vazifasi Sharq va o‘arb xalqlari o‘rtasida iqtisodiy va madaniy aloqalar o‘rnatgan hamda rivojlantirgan bu yo‘lni xalqlarning birodarlik, o‘zaro hamkorlik va samimiy muloqot yo‘liga aylantirishdan iboratdir.