Samarqanddan Buxoroga sayohat davomida siz Sharqning durdonasi sanalmish azim shaharning betakror tarixiy obidalarini ziyorat qilasiz. Buxoro jahonning eng qadimiy va tarixiy-me’moriy obidalarga boy go’zal shaharlaridan biri bo’lib, u azaldan islom olamida yuksak nufuzga ega bo’lgan. Buxoro nomi dastlab IX asrda tarixchi Narshaxiy tomonidan zikr etilgan. Ko’plab tarixchilar, tilshunoslar fikricha, Buxoro so’zi qadimgi hind – sanskrit tilidagi “vixara” so’zidan kelib chiqqan bo’lib, “qal’a” ma’nosini anglatadi. Qadimda shahar Numijkat va Faxira, deb ham atalgan. Bu shaharning har bir go’shasida – boy tarixga ega minoralari, osori- atiqalari, muqaddas qadamjolari va obidalarida olis o’tmishning aks-sadosi, qoldirgan izi bor. Shuningdek, u Sharqu G’arbda “ochiq osmon ostidagi muzey, shavkatli tarixning jilvakor ko’zgusi” nomini olgan. VIII asrda mintaqaga islom dini kirib kelishi ortidan Buxoro asta-sekin eng muhim diniy markazga aylanib, islom olamida sharif sanaladigan to’rtta shahardan biriga aylangan. Buxoroi sharifdan butun jahon tan olgan buyuk olimlar, mutafakkir va donishmandlar etishib chiqqan.
Ushbu zamin Imom Buxoriy, Ibn Sino, Narshaxiy, Naqshbandiy, G’ijduvoniy kabi buyuk allomalarning dunyoga tanilishida muhim rol` o’ynadi. Ular yozgan asarlar jahon ma’naviy mulkining durdonalariga aylandi. Ayniqsa, Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” to’plami va boshqa asarlari, Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonuni” kitobi islom olami va jahon ilmi javohirlari, deb e’tirof etiladi.
Buxoro hududida ulkan tarixiy ahamiyatga ega muqaddas qadamjolar, masjidu maqbaralar, minoralar va madrasalar joylashgan. Islom ta’limi tizimida universitet maqomida bo’lgan nizomiya madrasalari, ya’ni oliy madrasalar aynan Buxoroda faoliyat yuritgan. Ularning eng mashhurlari Mir Arab va Ulug’bek madrasai oliyalaridir.
Islom madaniyati va san’atining ajralmas qismlari – xattotlik, miniatyura, kulollik, zargarlik, me’morlik, gilamdo’zlik, misgarlik, yog’och o’ymakorligi sohalarida ham buxorolik ustalar va hunarmandlarning san’atlari bilan siz ushbu Samarqanddan Buxoroga sayohat moboynida tanishish imkoniyatiga ega bo’lasiz.
Buxoro ahli qadim zamonlardan bag’rikenglik namunasi bo’lgan. Qadimda mutaassiblar tomonidan quvg’in ostiga olingan nasorolar va yahudiylar aynan Buxoro zaminida panoh topganlar. Buyuk Ipak yo’lida joylashgan ushbu shaharda ko’plab millat vakillari istiqomat qilganlar va doimo ahil bo’lganlar. XV asrda Buxoro sarroflari 20 dan ortiq davlatning pullarini almashib berish bilan shug’ullanganlar.
- Kun: Samarqand → Buxoro; Buxoro sayohati
- Kun: Buxoro sayohati
- Kun: Buxoro sayohati; Buxoro → Samarqand