Makka
MAKKA (arabchadan Umm ul-Quro, Umm ulMadoin — shaharlar onasi) — Saudiya Arabistonining g‘arbiy qismidagi shahar, Qizil dengizdan 70 km uzoqdikda joylashgan. Hijoz viloyatining ma’muriy markazi. Aholisi 1,578,722 kishi atrofida (2015 yil); Haj vaqtida (Hajga keluvchilar hisobiga) 2 milliondan oshadi.
Makka qadimiy shahar bo’lib, asos solingan yili noma’lum. Dastlab Zamzam bulog‘i atrofida aholi turar joylari paydo bo‘lgan. Makka ilk bor Ptolemey asarlarida Makoraba deb qayd etilgan. Miloddan avvalgi 2—1 ming yilliklarda Makka arab qabilalari uchun muqaddas makon hisoblangan. Shahar Islom dini paydo bo‘lishidan avval Sharq bilan O‘rta dengiz bo‘yi davlatlari o‘rtasidagi savdoda muhim o‘rin tutgan. Milodiy 5-asr o‘rtalarida Makka Quraysh qabilasi qo‘liga o‘tadi. Shu davrda Quraysh qabilasining boshlig‘i Zayd bin Kilob (Qusay laqabi bilan mashhur) Ka’ba atrofidagi yerlarni o‘z qabiladoshlariga bo‘lib berdi. Qusay va uning avlodlari o‘tkazgan islohotlar natijasida Makka tez suratlar bilan o‘sdi, bozorlar ko‘payib, ziyoratchilar uchun yangi quduqlar qazildi. 6-asr oxiri — 7-asr boshida shahar Arabiston yarim orolining faqat savdo va diniy emas, balki siyosiy markaziga ham aylandi. Shunday vaziyatda Makkada yakkaxudolik (tavhid)ga asoslangan islom dinining targ‘iboti boshlandi. Muhammad (SAV) milodiy 570 yilda Makkada tug’ildi. Shahar 7-asrdan boshlab musulmonlarning muqaddas shahri va ziyoratgohiga aylandi.
Milodiy 610 yili Muhammad (sav) Makka yaqinidagi Hiro tog‘ida o‘ziga birinchi bor vahiy, ya’ni Qur’on oyatikarimalari nozil bo‘lganini e’lon qildi. 622 yilda musulmon jamoasi Makka bilan raqobatlashib kelgan Yasrib (Madina) shahriga ko‘chib o‘tdi (Hijra). Milodiy 630 yilda shahar musulmonlar qo‘l ostiga o‘tdi va Makkaga Haj qilish islomning 5 arkonidan biriga aylandi. Ummaviylar davrida (milodiy 661—750) shahar qiyofasi keskin o‘zgardi: ko‘p qavatli qasrlar, saroylar paydo bo‘ldi. Bag‘dod xalifaligi (milodiy 750—1258 yillar) inqirozga uchragandan so‘ng Makka shahri Fotimiylar, Ayyubiylar va Mamluklar qo‘l ostiga, keyinchalik Usmonli Turk saltanati tobeligiga (milodiy 1517) o‘tdi. Milodiy 1916 yildan Makka — Hijoz qirolligi poytaxtiga aylandi. Milodiy 1924 yil Ibn Sa’ud qo‘shinlari Makkani ishg’ol etdilar. Milodiy 1932 yildan boshlab shahar Saudiya Arabistoni tarkibiga kirdi.
Makka shahridagi Al-Masjid alharom va Baytulloh alharom—Ka’ba musulmonlar uchun muqaddas ziyoratgohdir.
Makka aholisi, asosan, hajga kelganlarga xizmat ko‘rsatish, ibodat qiluvchilar uchun diniy buyumlar (maxsus kiyimlar, ya’ni ihrom, tasbeh, atirlar, Zamzam suvi uchun idishlar) tayyorlash bilan shug‘ullanadi. Gilam to‘qish korxonalari, ustaxonalar mavjud. Umm al-Quro unti bor (1981). Makka savdo va avtomobil’ yo‘llari tuguni hisoblanadi. Avtomobil’ yo‘llari shaharni Arriyod, Madina va Jidda shaharlari bilan bog‘laydi.