Buxoro - Bahouddin Naqshbandiy
Muhammad binni Muhammad Bahouddin an-Naqshband al-Buxoriy (ko‘proq Bahouddin yoki Xoja Bahouddin, Balogardon, Xo‘jai Buzruk, Shohi Naqshband nomlari bilan mashhur) – mashhur avliyo, naqshbandiy tariqatining asoschisi 1318 yilda Buxoro shahrida tavallud topgan. U tug‘ilgan qishloq Qasri Hinduvon (keyinchalik Bahouddin Naqshband sharafiga Qasri Orifon) deb atalgan. Uning oilasi va farzandlari to‘g‘risida aniq ma’lumot yo‘q. Lekin Bahouddin Naqshband Muhammad payg‘ambar avlodlariga mansub sayyidzodalardan ekanligi qayd etilgan.
Otasi to‘quvchi hamda o‘yma naqsh soluvchi (naqshband) bo‘lgan. Bahouddin Naqshband taqdirida bobosining alohida xizmati bor. U so‘fiylar bilan yaqin aloqada edi. Shu sababli nabirasida ilohiyotga katta qiziqish uyg‘otdi. Bahouddin Naqshbandning birinchi piri – ustozi Xoja Muhammad Boboyi Samosiy edi. Keksa shayx yosh Bahouddin Naqshbandni tarbiyalashni o‘rinbosarlaridan bo‘lmish Amir Sayyid Kulolga topshirdi. U tariqat bobida bilganlarini o‘rgatib bo‘lgandan keyin shogirdiga ijozat beradi.
Bahouddin Naqshband ilm istab, yassaviya tariqati shayxlarining mashhur vakillaridan bo‘lmish Qusam shayx oldiga, Naxshab hozirgi Qarshi shahriga boradi. Uch oy undan ta’lim oladi. Bahouddin Naqshbandning bu pirga ixlosi baland bo‘lgan, ayni chog‘da Qusam shayx ham uni o‘z o‘g‘lidek bilib, muridiga cheksiz hurmati tufayli umrining oxirigacha Buxoroda yashab, shu yerda vafot etadi.
Bahouddin Naqshbandning deyarli butun umri Buxoro va uning atrofidagi qishloqlarda so‘fiylik bilan o‘tgan. U ikki marta haj qilgan. G‘aribona hayot kechirgan, faqat o‘z mehnati – kimxobga naqsh (gul) solish bilan kun ko‘rgan. Xizmatkor yoki qul saqlashni gunoh deb bilgan. Quyidagi baytlar Hazrat Bahouddin Naqshband qalamiga mansubdir:
Na maro mafrash, na mafrashkash,
Na g‘ulomonu turku turkashkash.
Hama shab chun sagoni qahdoni
Sar ba dum ovaram ba xasmi xush.
Mazmuni: na menda palos boru na uni ko‘tarib yuruvchi kishi bor. Na turk g‘ulomlarim boru na g‘ulomlar ustidan nazorat qiluvchi kishiga ehtiyojim bor. Har kecha xuddi samonxona itlari kabi (ya’ni egasiz itlar kabi) dumimni ustiga boshimni qo‘yib yotaman (hamma narsani tark etganim uchun).
Bahouddin Naqshband xalq orasida “Balogardon” (ya’ni xalq orasida balo-qazoni daf qiluvchi) unvoni bilan ham mashhur. O‘z ta’limotini yaratishda Yusuf Hamadoniy va Abduholiq G‘ijduvoniy nazariyalariga asoslangan. Ta’limotining asosida “Dil- ba yor-u dast-ba kor” (“Ko‘ngil Xudoda bo‘lsinu, qo‘l ish bilan band bo‘laversin”) degan shior yotadi.
Bahouddin Naqshband tasavvufdagi ilgarilari amalda bo‘lgan qattiq talablarni bir qadar yumshatdi, mo‘’tadillashtirdi, kundalik turmushga mosladi. Uningcha, Allohga intilish ko‘ngil bilan amalga oshishi kerak. Qo‘l esa ish – mehnat bilan band bo‘laversin. Bahouddin Naqshbandning tarkidunyochilik qilmay, demakki, bu dunyo ishlaridan ochiq-oshkor qo‘l siltamay turib ham Allohga yetishish mumkinligi haqidagi g‘oyasi musulmon olamida tasavvufning juda keng aholi qatlamlari ichiga kirib borishini ta’minladi.
Hazrat Bahouddin “Hayotnoma”, “Dalelul oshiqin” nomli kitoblar muallifidir.
Hazrat Bahouddinning birinchi xalifalari Alouddin Attor, ikkinchi xalifalari Xoja Muhammad Porso ( 1419 yil vafot etgan) hisoblanadilar. Bu zoti sharifning ismlari Muhammad ibn Muhammad al Hofiz al-Buxoriydir.
Xoja Alouddin G‘ijduvoniy uchinchi xalifalari hisoblanadi. Shayx Pirmastiy, Xoja Abul Qosim Buxoriylar Bahouddinning ashoblaridirlar.
Zamonasining ulug‘laridan bo‘lgan Mavlono Muhammad Miskinning aytishicha, Hazrat Bahouddin vafotidan bir kun oldin muridlarining hammasini Xoja Muhammad Porsoga tobe’ bo‘lishini vasiyat qilgan. 1389 yili Bahouddin Buxoro yaqinidagi Qasri Orifonda vafot etgan. Juda ko‘p shoirlar Hazrat vafotlariga atab tarix bitgan, lekin eng mashhuri mana budir:
Raft shohi Naqshbandon Xojai dunyovu din,
On ki budi shohi rohu dinu davlat millatash.
Maskanu ma’voi u chun bud Qasri Orifon,
“Qasri irfon” z-in sabab omad hisobi rehlatash.
Mazmuni: dunyo va dinning Xojasi shohi Naqshband vafot qildi, u dinu davlatning shohi edi. Uning maskanu ma’vosi Qasri Orifon bo‘lgan. Shu sabab vafot etish tarixi “Qasri irfon” dan chiqadi.
“Qasri irfon” dan abjad hisobida 791 (1389) yil hosil bo‘ladi.
Bahouddin Naqshbandning qabri azaldan ziyoratgoh hisoblanadi. Ilgari amirlar taxtga o‘tirishdan oldin, safarga chiqayotganda va qaytayotganda albatta Bahouddin Naqshband dahmasini ziyorat qilishgan.
Hazrat Bahouddin Naqshband qabrlari Abdulazizxon tomonidan tartibga solinib, ko‘rkam shaklga kiritilgan. Bu muborak qadamjoni obodonlashtirishda Temuriylardan tortib mang‘it amirlarigacha o‘z hissalarini qo‘shganlar. Xonaqoh Shayboniylar sulolasiga mansub Ubaydulloxonning o‘g‘li Abdulazizxon (1540-1549 yillarda hukmronlik qilgan) tomonidan 1544 – 1545 yilda qurilgan Maqbara atrofida masjid, hovuz, quduq, minora, darvozaxona bor. Bahouddin mozorlarining kun botar tomonida Dahmai Shohon, ya’ni shohlar dahmasi joylashgan. Bunda ko‘plab Buxoro amirlari va ularning avlod-ajdodlari ko‘milgan.
Bahouddin Naqshband vafotidan keyin naqshbandiya tariqati keng yoyildi. 15-asrda Xo‘ja Ahror Ubaydulloh Valiy bu tariqatning eng yirik rahnamosi sifatida maydonga chiqdi. Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab kabi shoirlar ham naqshbandiya tariqatida edilar.Ular ijodida naqshbandiya g‘oyalari keng va atroflicha targ‘ib etildi.
Naqshbandiya tariqati Qur’oni Karim va hadisi sharifdagi ta’limotga asosan shakllangan. Tariqat pirlarining asosiy maqsadi – payg‘ambar alayhissalomning sunnatlarini qayta tiriltirish. Ikkinchi vazifalari esa bid’at va xurofotga qarshi kurashish. Zero, payg‘ambar alayhissalom: “Bid’at va xurofotga berilganlar eng yomon kishilardir, bid’at- xurofotga berilgan odam to uni tark etmaguncha uning qilgan savob ishlarini Tangri qabul qilmaydi”, deganlar. Qalb Allohning nazargohidir. Alloh nazargohi hisoblangan qalbni pokizalash- naqshbandiya ta’limotining asl muddaosidir. “Naqsh band bar dil band”, ya’ni Alloh nomini qalbingda naqsh ayla, deyiladi ta’limotda.
Bahouddin Naqshband haqida, uning ta’limoti xususida, naqshbandiy shayxlar to‘g‘risida talay asarlar yaratilgan. Birgina O‘zbekiston FA Abu Rayxon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasining o‘zida naqshbandiyaga doir195 kitob mavjud. Jumladan, Saloh ibn Muborak al-Buxoriyning “Anisu-t-toli-biyn va uddatu –s-solikiyn” (“Toliblar oshnasi va soliqlar rahnamosi”) asarida (1383) Naqshbandning hayot tarzi, kashfu karomatlari va purhikmat so‘zlaridan namunalar beriladi. Bu asar “Maqomati hazrati Xojai naqshband” nomi bilan yuritiladi. Shu muallifning 4 qismdan iborat “Manoqibi Xoja Bahouddin Naqshband” (“Xojda Bahouddin Naqshbandning ta’rif va tavsiflari”) asari ham bor. Bulardan tashqari Bahouddin Naqshbandning suyukli xalifasi Xoja Muhammad Porso yozib qoldirgan bir necha asar orqali valiylikning ta’rifi, Bahouddin Naqshbandning tariqatdagi ilk davrlari, uning suhbatlari va hikmatli so‘zlari bilan tanishish, islom aqidasi, ibodat, shariat va tariqat ahkomlaridan bahramand bo‘lish mumkin.
1993 yili Bahouddin Naqshband tavalludining 675 yilligi munosabati bilan O‘zbekistonda Bahouddin Naqshband ta’limotini o‘rganishga ahamiyat kuchaydi. Buxoro davlat universiteti huzurida “Naqshbandiya” ilmiy markazi ish boshladi. U yerda tasavvufiy-irfoniy merosni tadqiq etish yo‘lga qo‘yildi. Buxoro davlat muzey qo‘riqxonasida ham “Naqshbandiya” markazi tuzildi.