Buxoro - Chor Bakr majmuasi
Chor Bakr majmuasi Buxoro shahridan 6 km g‘arbda joylashgan bo‘lib, bu hududning qadimiy nomi Sumitandir. “G‘iyosul-lug‘at” kitobida yozilishicha Sumitan so‘zining ma’nosi “jundan mato to‘quvchilar yashadigan joy” degan ma’noni anglatadi. X asrda Sumitan qishlog‘iga Buxorodan Xodsharun nomli darvoza orqali o‘tib borilgan. Xodsharun darvozasi XV-XVI asrlarda Talipoch ya’ni “Xon tepaligi” deb nomlangan. To‘rtta buyuk avliyo- Hazrat Abu Bakr Sa’d Yamaniy (vaf. 970), Hazrat Abu Bakr Homid (vaf 937), Hazrat Abu Bakr Muhammad ibn Fazl (vaf.991),Hazrat Abu Bakr Tarxon (vaf.945) sharofatlaridan bu mavze Chor Bakr, ya’ni to‘rtta Bakr deb atalgan.
Tarixiy rivoyatlarga qaraganda, Chor Bakrlarning shajaralari Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ga borib taqaladi. Tarixchi Muhammad Narshaxiy o‘zining “Buxoro tarixi” nomli kitobida keltirgan ma’lumotga ko‘ra, 889 yilda Ali ibn al-Husayn Xurosondan o‘tib, Amudaryo bo‘ylab Buxoroga keladi. Amir Ismoil Somoniy u kishini juda yaxshi kutib oladi. Ali ibn al-Husayn bilan birga o‘sha mashhur Chor Bakrlar – Abu Bakr Sa’d Yamaniy, Abu Bakr Homid, , Abu Bakr Fazl ibn Ja’far, Abu Bakr Tarxonlar ham bu quyoshli yurtga tashrif buyurib, bir umr shu yerda qolib ketadilar. Ja’far va Ali avlodidan bo‘lmish Chor Bakrlar Buxoro shohi atrofida jipslashib, ilmu irfonning targ‘ibotiga katta hissa qo‘shadilar. Tarixiy manbalarda aytilishicha, Buxoro Amiri Ismoil Somoniy Chor Bakr avliyolariga behisob yerlarni vaqf qilib bergan. Ular esa vaqf yerlaridan keladigan daromadlarni el-ulusga tarqatgan, yurtni obodonlashtirish uchun sarflagan. Boshpanasizlarga boshpana qurib bergan, tolibi ilmlarga ilm o‘rgatgan, adashgan kimsalarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatgan, bemorlarga, yetim-esirlarga xolis xizmat qilgan, bir so‘z bilan aytganda Olloh rizosini topish maqsadida, xalqqa beminnat xizmat qilganlar. Ming yillar davomida Chor Bakr avlodlari Buxoroda katta nufuzga ega bo‘lib, bu yerlarning ilmu ma’rifati, ma’naviy hayotida ishtirok etganlar. Buxoro hukmdorlari ular bilan doim hisoblashgan. Qiyinchilik paytlarida maslahat olganlar. Yurtning tinchligi va osoyishtaligi uchun kurashda ularning yordamlariga suyanganlar.
Sumitandagi Chor Bakr majmuasi bir-biriga tutashib ketgan oilaviy xazira va dahmalardan iborat bo‘lib, ularning old tomoni peshtoqlar va hujralar husn berib turuvchi yaxlit devor bilan o‘ralgan. Chor Bakr nomi bilan mashhur bu majmua O‘rta Osiyo me’morchiligining eng ajoyib namunalaridan hisoblanib, unda XVI-XVII asr me’morchiligining Buxoro maktabi usullari yaqqol o‘z ifodasini topgan. Xazira va dahmalar ancha puxta ishlangan bo‘lib, koshinkor devorlar bilan qurshalgan devorlarning har joy-har joyida ichkariga olib kiruvchi mehrobnusxa eshik mavjud, miyonsaroy (dahliz)ning har ikki tomonida hujralar joylashgan.
Chor Bakr va Jo‘ybor xojalari
Jo‘yi muliyon deb atalishining sababi: Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida yozilishicha, 680 yilda Muslim ibn Ziyod tomonidan Buxoroning podshohi Bidun Buxorxudot o‘ldirilgan vaqtda undan bir emadigan o‘g‘il bola qoladi. Uning oti Tag‘shoda edi. Tag‘shodaning onasi Xotun 680-695 yillar mobaynida Buxoroni boshqaradi. Xotunning vafotidan so‘ng taxtga Tag‘shoda o‘tiradi. Qutayba ibn Muslim Buxoroni fath qiladi.Tag‘shoda islomni qabul qilgach, Qutayba hokimiyatni unga topshiradi.
Jo‘yi muliyon yerlari serhosil yerlar bo‘lgan. Ismoil Somoniy (892-907) Otasining mavlosi Simo ul-Kabir “Ulug‘ siymo” ni do‘st tutgani va uni yaxshi ko‘rgani uchun bu yerlarni abbosiy xalifa Musta’in ibn Mu’tasimning lashkarboshisi Hasan ibn Muhammad ibn Tolutdan sotib oladi va mavlaviylarga (ozod etilgan qullar) beradi. shunday yo‘l tutadi. Nihoyat u yerlar Jo‘yi mavoliyon deb ataladi. Xalq orasida esa Jo‘yi muliyon deb nom qozondi. Somoniylar podshohligi davrida faoliyat ko‘rsatgan Chor Bakrlar Jo‘yi muliyon atrofida o‘rnashib, shu yerda yashab qolganlari sababli Buxoro xalqi ularni Jo‘yboriy xojalar (Xojayi Jo‘yboriyon) deb ataganlar. Jo‘ybor – tojikcha so‘z bo‘lib, “katta oqar ariq” ma’nosini beradi.
Abu Bakr Sa’d ulug‘ shayx, olim, obid edi. Bu zoti sharif payg‘ambar (s.a.v.) avlodidan bo‘lib, Somoniylar hukmronligida yashab, Buxoroda “Shayxul islom” rutbasiga ega bo‘lgan. Rivoyat qilishlaricha, Hazrat Abu Bakr Xizr (a.s.)ni uchratib qoladilar. Xizr (a.s.) u kishining ilm yo‘lidagi g‘ayratini sezib, qirq yil cho‘lda saboq beradilar. Halol luqma, ta’masiz xizmat, taqvo, ota-onasining duosi tufayli Abu Bakr Sa’d valiy bo‘ldi. Hazrat 970 yilda vafot qildilar.
Abu Bakr Fazl (q.s.) buyuk faqih, taqvodor olim, muhaddis bo‘lganlar. U kishi sababidan Buxoro islomga yot bo‘lgan turli firqalardan tozalangan. “Musnadi Fazl” kitobini yozganlar. Afsuski, bu kitob johil Chingizxon bosqini davrida yoqib yuborilgan. Tabarruk zot 991 yilda vafot etganlar.
Abu Bakr Homid (q.s.) ulug‘ shayx, muhaddis olim, o‘z zamonasining buyuk tarbiyachisi bo‘lib, minglab odamlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlagan. O‘sha davr olimlari orasida Qur’on tafsirida unga teng keladigani bo‘lmagan. Nufuzining balandligi uchun u kishiga “Shayxi olam” unvoni berilgan. Ja’fariyzoda Abu Bakr Homid 937 yilda vafot etganlar, qabrlari mozori Behishtiyonda.
Abu Bakr Tarxon (q.s.) muhaddis, faqih, buyuk avliyo, ulug‘ tarbiyachi bo‘lib, “Jome’ ul-Musnad” kitobining muallifidirlar. “Tuhfat az-zoirin” kitobida yozilishicha, Hazrat dinu diyonat yo‘lida buyuk xizmatlar qilganlar va 945 yilda vafot qilganlar.
Jo‘ybor xojalari nomi bilan mashhur bo‘lgan avliyolar Abu Bakr Sa’dning avlodi bo‘ladi. Shu avlodga mansub valiyulloh Hazrat Xoja Faxriddin Muhammad Islom (q.s.) 1493 yilda Buxoroda tug‘ilganlar. Ulug‘ avliyo, naqshbandiya tariqatining piri murshidi Xoja Muhammad Islom hazratlari ilk saboqni bobosidan oladi. Tariqat sabog‘ini Hazrat Xoja Ahmad Mahdumi A’zam Dahbediydan (1461-1542) olgan. Xoja Islomni Hazrat Ali (r.a.) ruhlari ham tarbiyat etgan, bu kishi “uvaysiy” hisoblanadi. Shayboniylardan Iskandarxon (1561- 1583) va uning o‘g‘li Abdullohxon (1583-1598) Xoja Islomni o‘z piri murshidlari deb bilgan. U zoti sharif Husayn Boyqaroning amirlaridan biri Muhammad Tuman mang‘it qiziga uylanadilar. Birinchi farzandlari o‘g‘il bo‘ladi. Xoja Islom bir yumush bilan Miyonqolga, Iskandarxon huzuriga boradilar va xon o‘g‘li Abdullohxon dardga chalinganini eshitib, shunday deydilar: “ Agar u kishining hayoti xavf ostida bo‘lsa, biz o‘z farzandimizni u kishiga fido qildik.” Oqibatda hazratning farzandlari vafot etadi va Abdulloxon shifo topadi. Oradan bir yil o‘tgach, Xudo hazratga yana bir o‘g‘il ato qiladi. Uning otini Xoja Sa’d (Kalonxoja) deb qo‘yadilar. Xoja Islom Abdullohxonni o‘z tarbiyasiga olib, umrining oxirigacha unga farzandiday g‘amxo‘rlik qiladi. Abdullohxonning Xoja Islomga hurmat – e’tibori shu qadar baland ediki, hazrat o‘zi uchun man qilgan narsani albatta Abdullohxon uchun ham man qilardi. Buxoro, uning yorqin kelajagi uchun munosib shoh Abdullohxonni tarbiyalab, uni shuhrat egasi, tarixda “ Qutli qadam xon” qilib qo‘ygan ham Xoja Islom edi. Hazrat Xarbun (Jondor) hududidagi Somonchuq va Tali mahsi degan joylaridan katta yer maydoni sotib olib, u yerdan ariq qazdirib, suv tanqisligiga barham berdi va u yerlarni dehqonlarga bo‘lib berdi. Xoja Islom 68 yil barakali umr ko‘rdi. Vafot etadigan kunlari 12 kun oldin u kishiga ayon bo‘ldi. O‘g‘illari Kalonxojaga janozaxat yozdirib, bobolari Abu Bakr Sa’d qabrlari yoniga dafn etishni vasiyat qildilar. 1563 yil oktyabr oyining 25-kuni, juma tongida olamdan o‘tdilar. Hazrat vafotida shoh Abdullohxon uch kun motam libosini kiyib, boshqalarni ham shunga undaydi. “Abdullanoma” kitobining muallifi Hofiz Tanish Buxoriy ham janozaga qatnashib, hazratning vafotlariga atab marsiya o‘qidi. Xoja Islom o‘rniga Xoja Kalonxoja “qoyim maqom” deb e’lon qilinadi.
Xoja Sa’diddin – Kalonxoja Xoja Islomning katta o‘g‘li, 1531 yilda tug‘ilgan. Otasining vafotidan so‘ng Abdulloxon saroyida shayx ul-islom lavozimida xizmat qildi. U kishini Nosiriddin Xoja Sa’d ham deyishadi. Uchta o‘g‘illari- Tojiddin Hasan, Abdurahim Xoja (Oyposhshaoyim shu kishining qizlari), Abdu Xojalar ham xon darborida xizmat qilganlar. Otasi Xoja Islomga qaynotasi Muhammad Tuman mang‘itning Xuroson yerlaridan katta yer, mol-mulk meros qoladi. Bu merosiy hujjat Husayn Boyqaro, Badiuzzamon, Muzaffar Husayn va Alisher Navoiy muhrlari bilan tasdiqlangan edi. 1588 yilda Xoja Sa’d mazkur hujjatni shoh Abdulloxonga ko‘rsatadi. Shoh hujjatni qayta tasdiqlash uchun farmon chiqaradi. Merosiy mulk daromadidan Xoja Sa’d juda katta xayrli ishlarni amalga oshiradilar. Karvon yo‘llari ustida bir nechta sardobalar qurdiradilar, ariqlar qazdirib, suv chiqaradilar. Xoja Sa’d 1589 yilda vafot etadilar, qabrlari Chor Bakrda. U kishidan keyin o‘g‘illari Tojiddin Hasan “qoyim maqom” bo‘ladilar.
Xoja Tojiddin Hasan ibn Xoja Sa’diddin 1574 yilda tug‘ilgan. Otasining ishlarini davom ettiradi. Kenja o‘g‘illari Abul Abbos Muhammad Tolib o‘zining “Matlab ut-tolibin” kitobida otasi haqida juda ko‘p ma’lumot beradi. Unda aytilishicha, Tojiddin Hasan tabobat, me’morchilik ilmi bilan ham shug‘ullangan. Hazrati Eshon (Tojiddin Hasan) ning sa’y –harakatlari bilan 70 dan ortiq masjid, madrasa, hammom, jumladan, Buxoro shahristonida, masjidi Jome’ning shimol tomonida madrasa, Korxona masjidi, Ko‘i Sari xiyobon masjidi, Jo‘ybor mahallasidagi xonaqoh, Kalobod masjidi (aslida Gulobod bo‘lgan), Jo‘i zar masjidi, Dehnav, Isqara, Shojamin, Zandana, Qorako‘l tumanidagi masjid, 12 ta hammom va sardobalar qurildi. Buxoro shahristonida katta “Dorush-shifo” (Shifo uyi) dorixonasini qurdiradilar va u yerda o‘zlari dori – darmon tayyorlab, ehtiyojmandlarga bepul tarqatadilar. Tojiddin Hasan 1646 yilda vafot etdilar. Qabrlari Chor Bakrda, ota-bobolari Xoja Abu Bakr Sa’d va Xoja Islom qabrlarining qibla tomonida, peshtoqli mehrobning orqa qismida joylashgan. U kishining Yusuf Xoja, Muhammad Xoja, Toyyib Xoja va Abul Abbos Muhammad Tolib ismli o‘g‘illari bo‘lgan.
Chor Bakrdagi nurafshon obidalar Hazrat Xoja Faxriddin Muhammad Islom – Hazrat Xoja Islom Jo‘yboriyning sa’y-harakatlari bilan bunyod etilgan.Chor Bakr me’moriy ansambli Xuroson yo‘li yoqasida joylashgan eng muhtasham bino hisoblanib, uni barpo etish g‘oyasi Jo‘ybor xojalarining yirik vakili Xoja Islomda paydo bo‘ladi. Obida qurilishiga sarf etilgan mablag‘larning bir qismi Jo‘yboriy xojalar xonadoni hissasiga to‘g‘ri keladi. Abdulloxon Buxoro taxtiga o‘tirgach, Sumitan mavzeida o‘z piri Xoja Islom rejalashtirgan binolarni qurishga kirishadi. Qurilishning bosh me’mori – Xalifa Ne’matulloh degan kishi bo‘ladi. Natijada 1559-1570 yillar mobaynida masjid, madrasa va xonaqohdan iborat ajoyib bir me’moriy yodgorlik vujudga keladi. Jo‘yboriy xojalardan Nasriddin Xoja Sa’d (Xojayi Kalon), Xoja Tojiddin Hasan, Hazrat Abdurahim Xoja, Hazrat Muhammad Xoja va Yusuf Xojalar ham ota –bobolarining ishlarini davom ettirib, bunyodkorlik ishlari bilan shug‘ullanganlar. Chor Bakr arofidagi yerlarni obod qilib, ularni vaqfga aylantirganlar. Vaqfdan tushgan mablag‘lar hisobidan majmuadagi masjid, madrasa, xonaqoh, dahma va xaziralar ta’mirlangan. Madrasada ilm oladigan talabalar ham vaqf tushumlaridan ta’minlangan. Chor Bakr ziyoratgohi tom ma’noda musulmonlarning ilm oladigan, ibodatlarini ado etadigan, yetim-esir, beva-bechoralarni o‘z bag‘riga olgan xayr-saxovat manzili bo‘lgan.
Chor Bakr majmuasi
Xonaqoh (xonai xosi Xudo) – ahli ilm va mashoyixlar yig‘ilib, zikr va ilm majlislari o‘tkazadigan joy bo‘lib, peshtoqining balandligi 20 metr. Poydevori yer ostida bo‘lib, 12 metrni tashkil etadi. Eni ikki metr. Gumbaz balandligi 22 metr, aylanasi 17 metr bo‘lib, aylana yuzasida Kalimayi Toyyiba koshinkoriy bilan yozilgan.
Madrasa – peshtoqi uch qavatli, ko‘p hujrali, ko‘rinishi juda chiroyli inshootdir. Chor Bakr madrasasi Buxoro madrasalarining oliy toifasiga kiritilgan bo‘lib, o‘z zamonasining eng mashhur ilm dargohlaridan biri bo‘lgan. Ilm toliblariga qulay sharoit yaratish maqsadida hujralar ichida o‘choq vazifasini bajaruvchi hamda qish faslida uyni isituvchi vosita sifatida o‘choqdon, sandal, kitoblar uchun ravoqlar qurilgan.
Masjid – ko‘rkam gumbazli, go‘zal peshtoqli juda hashamatli binodir. Masjid peshtoqida « Al-Isro» surasining avvalgi to‘rt oyati suls xatida bitilgan. Masjid peshtoqining balandligi 20-30 metr. Poydevorining yer sathidagi qismi 12 metr.
Uch hashamatli binoning shundoq ro‘parasida Mirzo Hoji Jo‘yboriy tomonidan 1896 (hijriy 1318) yilda uncha baland bo‘lmagan minora qurilgan.
Shuningdek, Chor Bakr majmuasida Jo‘yboriy xojalarning mangu xilxonalari, dahma va xaziralari mavjud. Sa’dulloh Xoja xazirasi, Akobir Xoja xazirasi, Nasriddin Xoja xazirasi, Abdulaziz Xoja xazirasi, Atoulloh Xoja xazirasi, Zaynab Bonu Sulton Xonim xazirasi, Obid Xoja xazirasi, Poshshooyim xazirasi, Imomat xazirasi, Masturabonu Sultonim xazirasi, Jonkeldibiy daxmasi, mirza Muhammad Bilgun xazirasi, saqoxona, garmoba ( tahoratxona) va chillaxonalar o‘rta asr me’morchilik uslubida qurilgan.
Sa’dulloh Xoja xazirasi
Mazkur avlodiy daxma 19-asr boshlarida qurilgan. Xazira xonaqohdan janub tomonda joylashgan. Xaziraning ko‘rinishi: tashqari- ichkari peshtoq, miyonsaroy, yozgi, qishki ayvon va oltita hujradan iborat. Eshiklari 1986 yilgi ta’mirda qaytadan yasalgan. Xazira ichidagi qabrlar soni 110 ta bo‘lib, umumiy go‘rxonalarda 300 yildan ziyod vaqt mobaynida mingga yaqin jasad qo‘yilgan. Bu esa ekin yerlarini tejash maqsadida qo‘llanilgan tadbirdir.
Akobir Xoja xazirasi
Xazira xonaqohning ro‘parasida joylashgan bo‘lib, 19 asrda qurilgan. Peshtoqi unchalik muhtasham emas. Ixchamgina ikki tabaqali darvozasi gujum yog‘ochidan ishlangan. Supadan ikkita hujraga kiriladi. Ichkari qismida tilovat qiluvchilar uchun joy mavjud. Kiraverish eshigining chap tomonida Ahmadi Taxtabozi Jo‘yboriyning qabri bor. Marhumning vasiyatiga ko‘ra, jasadini xaziradan tashqariga ko‘mganlar. Rahmatli: “Har o‘tgan-ketgan haqimga duoyi-fotiha o‘qisin”, degan ekan.
Nasriddin Xoja xazirasi
Xazira madrasa, masjid, xonaqoh ro‘parasidagi oraliq maydonning sharq tomonida joylashgan bo‘lib, 18 asrning ikkinchi yarmida qurilgan. Yonida katta chilonjiyda o‘sadi. Kiraverish eshigining ikki tomonida oltita hujra mavjud.
Abdulaziz Xoja xazirasi
Ushbu hazira 19 asrda qurilgan. Xaziraga kirish eshigi yon tomonida bittadan hujra mavjud, poydevori unchalik katta emas. Shu sabab maqbara peshtoqi nisbatan past qurilgan. Ichkarida tilovat uchun ayvon qurilgan.
Sharqiy darvoza
16 – asrning 2-yarmida qad rostlagan. Kiraverish eshigi, juda hashamatli bo‘lgan. Darvozani shoh Abdullohxon qurdirgan. Majmuaga mana shu hashamatli darvoza orqali kiriladi.
Poshshooyim xazirasi
Mazkur xazira 17- asrning 2- yarmiga mansub bo‘lib, uning poydevori 6 metr. Peshtoq, ichkari miyonsaroy, hujra va to‘rt devori vaqtida koshinkoriy qilingan. Uning devorlarida Buxoro binokorlik bezak berish san’atining eng yorqin ko‘rinishlari o‘z aksini topgan. Peshtoqda “Zumar” surasining 53-oyati koshinkoriy qilib yozilgan.
Mastura Bonu Sultonim xazirasi
Xazira Maxdumi A’zam Xojai Kosoniy avlodidan bo‘lmish, (Buxoroga kelin bo‘lib tushgan) Mastura Bonu Sultonim va uning qizlari, kelinlariga tegishli mangu maskandir. Obida 17- asrning oxirida tiklangan. Mastura Bonu Sultonim Xo‘ja Sa’dning xotini bo‘lib, qo‘li ochiq, saxovatli, o‘qimishli ayol bo‘lgan. Jo‘ybor xojalariga kelin bo‘lgan Mastura Bonu Sultonim ko‘p xayrli ishlarning boshini tutgan. Buxoroda bog‘-rog‘ yaratish va uni obod qilishda merosiy yerlari daromadi hisobidan katta mablag‘ ajratgan. Moh Sultonim 1619 yilda vafot etgan. Uning hurmati uchun Chor Bakr ziyoratgohida xazira qurdirilgan. Xazira vaqtida parchinkoriy qilingan devor bilan o‘ralgan. Peshtoq, miyonsaroy va hujralari bo‘lgan. Bu yerda 500 dan ortiq mayyit ko‘milgan. Ayrim qabrlardan to‘rt martadan foydalanilgan.
Zaynab Sulton Poshsha xazirasi
Zaynab Sulton Poshsha xazirasiga Xoja Sa’d xazirasiga boriladigan katta darvoza orqali kiriladi. Xazira 17-arsning oxirlarida tiklangan. Kiraverish yo‘lagidan to ichma-ich chillaxonagacha bo‘lgan joylarda ham qabrlar mavjud. Qabrlar orasidan o‘tib, avval chillaxona, keyin tilovatxona, undan so‘ng esa xaziraga kiriladi.
Saqoxona
Saqoxona sedara shaklida qurilgan ko‘shk bo‘lib, unda qishin-yozin ichimlik suvi turgan. Ziyoratchilar, qori va shu yerlik aholi ichishi uchun xumlarda suv bo‘lgan. Meshkoblar har kuni xumlarni to‘ldirib turganlar va mana ishlari uchun haq olganlar.
Jonkeldibiy va uning ota-bobolari daxmasi
Poshshooyim maqbarasidan o‘ng tomonda yana ikkita peshtoqli daxma mavjud bo‘lib, u xojalar avlodiga mansub emas. Bular Jonkeldibiy va uning ota-bobolarining daxmasidir. Jonkeldibiy 18-asrda Buxoroda hukmronlik qilgan manhitlar sulolasining vakilidir. Ular Jo‘ybor xojalariga hurmatlari, e’tibor va sadoqatlari betimsol ekanligi tufayli shu yerdan joy sotib olib, daxma qurganlar. Uning chap tomonadagi xazira 16 asr oxiri -17 asr boshlarida qurilgan bo‘lib, u jo‘ybor xojalaridan biri bo‘lgan Mirzo Muhammad Bilgunga tegishlidir.
Mozori Daroz yo‘lagi
Abu Bakr Sa’d, Xoja Islom Jo‘yboriy va Tojiddin Hasan dafn etilgan xaziraga olib boradigan uzun yo‘lak bo‘lib, unga peshtoqli darvozadan kiriladi. Xoja Sa’d Kalon xazirasiga kiradigan peshtoqli darvozaning ro‘parasida joylashgan. Mozori daroz yo‘lagi oxirining chap tomonida 18-asrda qurilgan qorixona-chillaxona mavjud. Yo‘lak nihoyasidagi xazira “Buyuklar xazirasi” deb ham ataladi. U 16 asrning ikkinchi yarmida qurilgan.
Garmoba (qadimiy tahoratxona)
18-asrda qurilgan ushbu o‘ziga xos tahoratxona majmuaning janubiy-g‘arb tomonida joylashgan. Usti gumbazli bo‘lgan bu tahoratxona (hammom vazifasini ham bajargan) o‘z davrining eng mukammal binokorlik yutuqlaridan foydalangan holda qurilgan.
Sobiq Sho‘ro davrida Buxoro shahrining Chor Bakr majmuasi yarim vayronaga aylandi. Masjid, madrasa, xonaqoh va hujralar xarob qilindi. Hovuzlar, chashma-quduqlar ko‘mib tashlanib, bu muqaddas joyni ziyorat qilish tamoman ta’qiqlandi. Masjidda namoz o‘qish man’ etildi. Yurtimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng, milliy madaniyat va diniy qadriyatlarimiz qayta tiklandi. Istiqlolimizning dastlabki kunlaridan boshlab, hurmatli Yurtboshimizning sa’y-harakatlari bilan o‘lkamizdagi barcha tarixiy yodgorliklar qayta tiklana boshlangani singari, Chor Bakr ziyoratgohida ham obodonlashtirish ishlari boshlab yuborildi. Hoji Rajab bobo To‘xtaev (1945-2010) boshchiligidagi yuzlab mahalliy namozxonlarning talablariga binoan, majmua tarkibidagi “Chahor Bakr” masjidida musulmonlar yana ibodatlarini ado eta boshladilar. Hoji Rajab To‘xtaev mustaqillikning dastlabki yillaridan to 1998 yilgacha “Chahor Bakr”masjidi imom xatibi bo‘lib xizmat qildilar.Tarixiy majmua 1999-2000 yilda viloyat hokimi S.Q. Husenov rahnamoligida, Buxoro tumani hokimi N.I. Po‘latov va boshqa rahbarlar, shuningdek, tadbirkorlar, saxovatli insonlar, qo‘li gul ustalar tomonidan ta’mirlandi.
2001 yilda viloyat va tuman hokimligining qaroriga asosan Chor Bakr tarixiy me’moriy majmuasi direksiyasi tashkil qilindi. To‘xtaev Rajab uning direktori etib tayinlandilar.“Chahor Bakr”jome’ masjidi 1998 yil 10 avgustda qayta ro‘yxatga olinib, u yerda domla hoji Zayniddin Shodiev 1998-2015 yillar mobaynida imom xatib bo‘lib xizmat qildilar. Hozirgi kunda domla Azizxo‘ja hoji Inoyatov “Chahor Bakr” jome’ masjidi imom xatibi lavozimida faoliyat yurityaptilar va u kishining sa’y-harakatlari bilan majmuada ta’mirlash hamda obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. 2017 yil 31 dekabr’ kuni majmuaning kiraverish darvozasidan o‘ng tomonda 16 asr Buxoro me’moriy maktabi usuliga asoslangan zamonaviy qulayliklarga ega bo‘lgan Tahoratxona foydalanishga topshirildi.