Buxoro - Labi Hovuz
Labi Hovuz – 1510-1530-yillarda qurilgan ushbu ansambl Buxoro amirligi bosh vaziri Nodir devonbegi nomi bilan bevosita bog‘liqligi haqida ko‘plab tarixiy faktlar mavjud.
Dastlab bu yerda Labi Hovuz bilan birgalikda Nodir devonbegi xonaqohi va karvonsaroy quriladi. Karvonsaroy vaqf mulkiga berilib xonaqohni xarajatlarini qoplab turish rejalashtirilgan edi. Lekin o‘sha vaqtlardagi Buxoro amiri Labi hovuz ansambl’idagi Karvonsaroyni yanglishib ketib, xalq oldida madrasa deya e’lon qilib yuboradi. Shu tariqa Amrning yuzidan o‘tolmagan saroy amaldorlari Karvonsaroyni madrasaga aylantirishadi. Bu holat Nodir devonbegi madrasasining qurilishida ham yaqqol bilinib turadi. Amirlikda bir xil reja asosida qurilgan madrasalardan farqli ravishda Nodir devonbegi madrasasi ichida masjid ham, katta qiroatxona ham yo‘q. Keyinchalik karvonsaroyning xonalari madrasa faoliyatiga moslashtiriladi. Nodir Devonbegi madrasasi va xonaqoh toki chor Rossiyasi bosqiniga qadar faoliyat olib borgan.
Shuningdek, xalq og‘zaki ijodida ham bu inshoot haqida ko‘plab rivoyatlar mavjud. Rivoyatlardan birida Labi Hovuz va uning atrofidagi binolarni mahr evaziga berilgan zirak bahosiga qurilgani haqidadir.
Nodir devonbegining o‘zi yirik amaldor bo‘lsa ham, oilasi o‘rta qatlam vakili bo‘lgan. Devonbegi yoshligidan ancha ilmga chanqoq bo‘ladi va tezda amal pillapoyalaridan ko‘tarilib, Buxoro amirining Bosh vaziri Devonbegi etib tayinlanadi. Amir qarorgohida ishlab yurgan vaqtlarida boy va mansabdor kishining qizini sevib qoladi hamda unga sovchi qo‘yadi. Mahrga qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan bir juft tilla zirak beriladi.
Kelin uchun berilgan ushbu mahr kamdek ko‘rinadi va qiz andak xafa ham bo‘ladi. Sababi bo‘lajak kelin ancha boy oilada yashagan, kuyov bola ham uncha-muncha emas, naqd Buxoro amirligining Bosh vaziri- Devonbegi edi. Shunday bo‘lsada nikohga qiz tomonidan rozilik bildiriladi hamda to‘y bo‘lib o‘tadi. O‘zining tilla-taqinchoqlarini mo‘’jazgina sandiqchalarda saqlaydigan aksar saroy xonimlari kabi Devonbegining ayoli ham o‘z tilla-taqinchoqlarini va ushbu ziraklarni sandiqchaga solib qo‘yadi.
Shu asnoda bir qancha yillar o‘tadi. Bir kun ayol sandiqchani ochib qarasa bir juft zirakning bittasi yo‘q bo‘ladi, uni qidirib ham topa olmaydi. So‘ng devonbegining ayoli xonadonda to‘polon ko‘taradi, uyimizda o‘g‘ri chiqibdi deya har tarafga jar soladi. Shu asnoda Nodir devonbegi kelib ayolini tinchlantirib, zirakni bir jufti kerak bo‘lgani uchun olganini aytadi.
Bir qancha vaqt o‘tib Nodir devonbegi keladi va ayoliga Buxoro shahrini aylanishni taklif qiladi. Devonbegi ayolini o‘sha vaqtda endigina qurib bitkazilgan Labi Hovuz ansambl’iga olib boradi. Bunday so‘lim go‘sha, katta hovuz va chiroyli binolar devonbegining ayolini o‘ziga maftun etadi. «Bunday chiroyli binolaru hovuzni kim qurdi, qachon qurildi bular ?» deya Devonbegidan savol so‘raydi. Nodir devonbegi bir qachon vaqt oldin olgan ziragini eslatadi hamda o‘sha zirakning bittasini evaziga ushbu binolarni qurdirdim deydi. Shundan so‘nggina devonbegining ayoli mahr uchun berilgan ushbu bir juft zirakning naqadar qimmatbaho ekanligini tushunib yetadi.
Hozirgi kunga kelib Buxorodagi Labi hovuz ansambli yangidan ta’mirdan chiqarilgan hamda shahar ahli va sayyohlarning sevimli go‘shasiga aylangan. Labi hovuzning salqin shamoli va unga o‘rnatilgan chiroqli favvoralar bilan bir qatorda, Buxorodagi boshqa tarixiy obidalardan farqli o‘laroq, bu inshootda kechki vaqtlarda ham odam gavjum bo‘ladi va mehmonlarga barcha turdagi xizmatlar ko‘rsatiladi.