Buxoro - Mir Arab madrasasi
Mir Arab madrasasi – Buxoro shahridagi Minorai Kalonning qarshisida joylashgan me’moriy yodgorlik. “Mir Arab” madrasasi shahar markazida, aniqroq qilib aytilsa, qadimiy Shahristonda joylashgan bo‘lib, ikki ulkan gumbazi bilan boshqa tarixiy binolardan ajralib turadi. Madrasaning kirish qismi kunbotar tomondadir. Darvoza ulkan peshtoq ostida joylashgan. Bino to‘rt qavatdan iborat bo‘lib, unda 114 ta xona bor. Madrasaning ichki qismi ham ajoyib tarzda loyihalashtirilgan. Hujralarni to‘rtta ulkan peshtoq ajratib turadi.
Madrasa binosini milodiy 1530–1536 (hijriy 936–942) yillari shayx Mir Arab qurdirgan. Xalq orasida “Mir Arab” nomi bilan mashhur bo‘lgan bu olimning asl ismi Sayyid Abdulloh Yamaniydir. U yigirma ikki yoshida ilm izlab Samarqandga keladi va Xoja Ahror Valiyga shogird tushadi. Xoja Ahror Valiy vafotidan so‘ng uning o‘g‘li Muhammad Bakr Sayyid Abdullohni Buxoro amiri Ubaydullohxon bilan tanishtiradi. Tez orada u ilm-ma’rifati bilan el orasida taniladi, hurmat qozonadi.
Turkistonning Sabron (Savron)ida 2 koriz (er osti arig‘i) qazdirgan, suv chiqargan, qal’a bino yetib, Shofirkon, Vobkent, G‘ijduvonda ko‘p joylarni obod qilgan (Shofirkonda Mir Arab qal’asi saqlangan).
U naqshbandiya tariqatining rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan. Madrasa qurilishini nihoyasiga yetkaza olmagan, 1536 yil boshida Mir Arab vafot etgan va uning vasiyatiga ko‘ra kuyovi Shayx Zakariyo qurilishni oxiriga yetkazgan. Xattot Mirali Fathobodiy-Buxoriy ushbu forsiy qit’ani Madrasa darvozasiga yozgan:
“Mir Arab faxri Ajam onki kard — Madrasai olii bas bul ajab. Bul ajab on ast ki tarixi u: Madrasai olii Mir Arab”.
Madrasa O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufida bo‘lib, sho‘rolar davrida diniy o‘quv yurti faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan, 1945 yilda yana tiklangan. O‘quv muddati 4 yil o‘quv yurti kunduzgi bo‘limiga 15 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan o‘rta va to‘liqsiz o‘rta ma’lumotli kishilar qabul qilinadi. Diniy fanlar hamda umumta’lim fanlari o‘qitiladi. Talabalarga arab, ingliz, rus va fors tillari ham o‘rgatiladi. Darslar o‘zbek va arab tillarida olib boriladi.
Me’morchiligi:
Bosh tarzi ulkan peshtoqli, darvozasi orqasida 5 gumbazli miyonsaroy, ikki yonida baland gumbazli keng darsxona va masjid, go‘rxona joylashgan. Koshinkori naqshlar yozuvlar bilan uyg‘unlashgan (saqlanmagan). Go‘rxona ichi gumbaz osti bag‘ali qalqonsimon muqarnasli, shipi va devorlari ganch o‘ymakorligida bezatilgan, izorasi rangbarang koshinli. Go‘rxonada Ubaydullaxon (1537 yil v. ye.)ning yog‘ochdan xotamkori usulida ishlangan sag‘anasi va Mir Arab, uning qarindoshlari qabrlari bor.
Madrasaning umumiy tarhi 68,5×51,8 m, hovli 35,4×31,3 m, darsxona 8×8 m. Hovlisi to‘rtburchak shaklida bo‘lib, atrofini oldi ravoqli, ikki oshyonli 114 hujra o‘rab turadi. Tomonlar o‘rtasidagi 4 baland peshtoqli darsxona — ayvon hovli mahobatini oshiradi. Tuzilishi jihatidan naqshinkor jan. peshtoqning dastlabki qiyofasi saqlanib qolgan, bu naqshlarning tarkibiy qismida yulduzsimon bezaklar uchraydi. Undagi bezaklarning saqlanib qolgan ayrim parchalaridan naqshlar g‘oyat nafis va nozik bo‘lganligini bilish mumkin.
Rivoyatlarga ko‘ra, Madrasa asosi chuqur qilinib, tog‘ toshlari bilan mustahkamlangan, qor, yomg‘ir suvini qochirish uchun tazarlar ishlangan, ular orqali suvlar shahar qo‘rg‘onidan tashqariga chiqarilgan.
Yana bir qiziq tomoni shundaki, madrasaning me’moriy shakli to‘rtburchak – Qur’on kitobini eslatadi. Hujralarining 114 taligi esa Qur’on suralari soniga mos keladi. Madrasa darvozasiga o‘yib yozilgan tarix ham olimlarning e’tiborini tortdi. Ushbu yozuv forsiy tilda bo‘lib, xattot usta Mirali Fathobodiy tomonidan yozilgan:
Mir Arab faxri Ajam, onki kard Madrasai olii bas bul ajab.
Bul ajab in astki, tarixi ust:
“Madrasai olii Miri Arab”.
Mazmuni: Mir Arab Ajam faxridir, ul solmish Juda ajoyib oliy Madrasa.
Kizig‘i muki, uning tarixi Bo‘ldi: “Madrasai olii Mir Arab”.
Oxirgi misralardagi tarix moddasi bo‘lgan suzlar abjad hisobida hijriy 942 (milodiy 1536) yilni, ya’ni Madrasa bunyod etilgan yilni anglatadi.
1976 yil 8 aprel’ va 17 mayda bo‘lib o‘tgan qattiq zilziladan so‘ng Madrasa gumbazlari, peshtoqi, hovli ichidagi peshtoq ham shikastlandi. Shundan so‘ng 1976-1977 yillar davomida katta gumbazlar va ichki hovli peshtoqlari qaytadan ta’mirlandi. Gumbazning ichki va tashqi qovurg‘ali temir beton konstruksiyasi mustahkam qilib bog‘landi. Ustalar – Il’ya Gontar va Baqo Sultonov, me’mor-ustalar Ochil Bobomurodov, Aminjon Salomov, Mubin Mo‘minov va Sayfullo Norovlar bu ishda faollik ko‘rsatdilar.
1997 yilda Buxoroning 2500 yilligi bayrami arafasida Mir Arab madrasasining bosh fasadi, oldingi qismi usta Qurbon Abdualiev tomonidan ta’mirlandi. Hozirgi kunda Mir Arab madrasasida qadimiy tarhi, arabcha yozuvlari va sirli koshin gullari o‘rganilib, qaytadan ta’mirlanmoqda.
Mir Arab madrasasi ko‘rku salobatini ko‘z-ko‘z qilib, chet mamlakatlardan tashrif buyurgan sayyohlarni o‘z bag‘riga chorlamoqda. Bu yerda faoliyat ko‘rsatayotgan bilim yurti orqali Madinadagi Islom universiteti, Qohiradagi al-Azhar universiteti, Toshkent Islom universiteti hamda respublikamizning boshqa oliy o‘quv yurtlari bilan ilmiy-amaliy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Buxoro shahrining 2500 yilligi munosabati bilan Mir Arab madrasasi peshtog‘i va gumbazlaridagi to‘kilib ketgan koshinkori naqshlar va yozuvlar qayta tiklandi.