Samarqand - Afrosiyob qadimiy shahri
Afrosiyob qadimiy shahri hozirgi Samarqand sharining shimoliy chegarasiga tutashgan keng boʻsh tepaliklar boʻlib, uning maydoni 219 gektar. Bu nom tarixiy manbalarda qadimgi Samarqandga nisbatan faqat 17-asrdan boshlab uchraydi. Qadimgi Samarqand So’gʻd manbalarida Smarakande deb atalgan. Miloddan avvalgi 4-asrda Samarqand Aleksandr Makedonskiy qoʻshinlari tomonidan istilo etilgach, yunon mualliflari kundaliklarida Maroqanda sifatida tilga olinadi. Maroqanda Smarakandening yunoncha tarjimasi. Movarounnahrda Somoniylar hokimiyat tepasiga kelgach, qadimgi Smarakande 9-asrdan boshlab Samarqand deb atala boshlandi.
11 — 15-asrlarda turkiy tilda bitilgan adabiyotlarda Samarqand Semizkent sifatida uchraydi. 15 — asrdan forsiy va turkiy tillardagi manbalarda bir xilda Samarqand nomi ishlatiladigan boʻldi.
Afrosiyob qadimiy shahri Tepaligining shimoli Siyob arigʻi bilan chegaralangan, Janub tomondan „eski shahar“ deb atalgan Samarqand shahriga qoʻshilib ketgan.
Shaharning dastlabki tarixi haqida yozma manbalarda maʼlumotlar juda kam uchraydi. Koʻhna shaharda oʻtkazilgan arxeologik qazishlar esa bunday maʼlumotlarni koʻproq bermoqda.
Arxeologik qazishmalar bir necha metr qalinlikdagi madaniy qatlamlar qanday boʻlganligini koʻrishga, boylar va kambagʻallarning uylarini, hunarmandlarning ustaxonalarini, savdogarlarning doʻkonlarini, ko’cha va maydonlarni, shohona saroylar va ibodatxona, masjid va madrasalarni, mudofaa inshootlarini, shaharning suv bilan taʼminlash tizimi va h.k.ni aniqlashga yordam beradi.
Afrosiyob va uning topilmalariga qiziqish 1868 yilda Chor Rossiyasi tomonidan Samarqand bosib olingandan keyin boshlandi. Afrosiyobda dastlabki qazish ishlari bilan mayor Borzenkov (1874), podpolkovnik V. V. Krestovskiy (1883), sharqshunos olimlar N. I. Veselovskiy (1884-85, 1895), V. V. Bartold (1904) va V. L. Vyatkin (1905; 1912— 13)lar shugʻullanishdi. 1919 yilda M. YE. Masson, V. L. Vyatkin tadqiqot boshlagan joylarda qazish ishlarini davom ettirib, somoniylar saroyi (9-asr) xarobalarini ochdi. 1925, 1929—30 ylarda V. L. Vyatkin Afrosiyobda qazish ishlarini davom ettiradi va uning turli davrdagi tarixiga oid koʻplab materiallar toʻplaydi. Ammo 1930 yillarga qadar Afrosiyobda olib borilgan arxeologik qazishmalar qadimgi Samarqand tarixiga doir juda kam materiallar bergan. Urushdan keyin Oʻzbekiston FAning Tarix va arxeologiya instituti olimlaridan Afrosiyob I. Terenojkin tomonidan Afrosiyobda jiddiy dala tadqiqotlari oʻtkazildi. Natijada uning eng pastki qatlamidan miloddan avvalgi 6—5-asrlarga taalluqli buyumlar, uy-joy xarobalari topildi. V. Afrosiyob Shishkin (1958-66) va Ya. F. Gʻulomov (1967—70)lar rahbarligida olib borilgan keng koʻlamli arxeologik qazishlar natijasida qadimgi madaniy qatlam materiallari Afrosiyobning boshqa joylaridan ham topildi. 1966 yil 13 iyulda Afrosiyobni arxeologik jihatdan kompleks oʻrganishni tashkil etish maqsadida Respublika hukumatining maxsus qarori qabul qilindi. Unga koʻra, Afrosiyob „arxeologik qoʻriqxona“ deb eʼlon qilinib, uni oʻrganish ishiga Toshkent va Samarqand davlat universitetlari hamda Madaniyat vazirligining Sanʼatshunoslik instituti ham safarbar etildi. Aniq ilmiy rejalar asosida boshlangan arxeologik tadqiqotlar tufayli nafaqat shaharning koʻp asrlik yoshi, balki uning har xil davrlardagi tarixiy topografiyasi, shahar tarkibi, shahar hayotining rivojlanish bosqichlari, bosqinlar tufayli yuz bergan bo’hronlar davri aniqlandi. Samarqand yushshdlarining shohona saroyi ochildi.
Afrosiyobda topilgan arxeologik materiallar Samarqand miloddan avvalgi 8—5-alarda So’gʻdiyonaning markaziy shahri sifatida vujudga kelganligini koʻrsatadi. Miloddan avvalgi 329 yilda shahar Aleksandr Makedonskiy qoʻshinlari tomonidan vayron etilgan, uning izlari hozirgacha shahar mudofaa inshootlarida yaxshi saqlangan. Miloddan avvalgi 3 — 1-asrlarda, Kushonlar saltanati davrida shahar hayotida yuksalishlar yuz bergan. Miloddan avvalgi 3-asrda shahar qoʻshaloq mudofaa devori bilan oʻrab olingan. U davrlarning qalin madaniy qatlami Afrosiyobning shimolida, uning arki aʼlosi joylashgan qismida yaxshi saqlangan. Arxeologik materiallar va yozma manbalarda taʼkidlanishicha, bu zamonda Samarqand orqali Buyuk ipak Yoʻli oʻtgan, ichki va tashqi savdo, hunarmandchilik rivoj topgan. Ilk oʻrta asrlarda Samarqand Sugʻdiyonaning bosh shahri sifatida nufuzli mavqega ega boʻlib, shahar ijtimoiy va iqtisodiy hayotida tub oʻzgarishlar yuz berdi. Badavlat dehqon xoʻjaliklari kuchaydi, xuddi shu kezlarda ularning qasrlari joylashgan Afrosiyobning shimoliy qismi mudofaa devori bilan oʻrab olindi. Bu holat Movarounnaxr va unga qoʻshni viloyatlarda ham yuz berdi. Bu davrda Samarqand hukmdorlari „Ixshid“, Buxoro hukmdorlari esa „Buxorxudot“ deb atalgan. 712 yilda arablar fotixi Qutayba ibn Muslim qoʻshin tortib kelganda, Samarqandning mudofaa devorlari mustahkam boʻlib, atrofida suv toʻla xandaq bor edi. Qutayba Samarqanda Fargʻona, Shosh va turklardan yordamga kelgan lashkarlarni enggach, koʻmaksiz qolgan Sugʻd hokimi Gʻurak noiloj u bilan sulh tuzdi, shaharning ichki qismi (shahriston)ni arablarga boʻshatib berishga majbur boʻldi. Arxeologik topilmalar islomga zid boʻlgan haykal va devoriy rasmlarning ataylab qilich bilan chopilganini isbotlaydi.
9-asrning ikkinchi choragidan Movarounnahrda hokimiyat Somoniylar qoʻliga oʻtdi. Buxoro ularning markaziga aylandi. Shu davrda Samarqand iqtisodiy va madaniy jihatdan tez rivojlandi. Afrosiyobda somoniylar davrida oʻymakor ganch naqshlar bilan bezatilgan saroylar, badavlat dehqon xonadonlari, masjid va madrasalar, hammom va kanalizasiyalar, tosh koʻchalar topilmoqda. Shaharni suv bilan taʼminlash ogʻirligidan aholining ehtiyojini qondirish uchun shahar hayotining dastlabki yillaridayoq Dargʻom tomonidan kanal qazib, suv keltirilgan. Ana shu kanal izlari hozirgi shahar xiyobonining janubida, Alisher Navoiy haykali qad koʻtarib turgan maskanda ochib oʻrganildi. Bu kanal Registon maydoni orqali Hazrati Xizr masjidi tomon yoʻl olgan. Tarixiy manbalarga koʻra Afrosiyobga janubdan kiraverishda shahar xandaqi ustiga pishiq gʻishtlardan ravoqli suvayirgʻich qurilib, uning tepasidan katta ariq oʻtkazilgan. Bu ariqni „Juyi arziz“ („Qo’rg’oshin ariq“) deb ataganlar. Ariq shu erda uchga boʻlingan va shahar oralab Siyob arigʻi boʻyiga borgan.
10-asrning oxirida Movarounnahrda hokimiyat qoraxoniylar qoʻliga oʻtganida xam Samarqandda savdo, hunarmandchilik, shahar obodonchilik ishlari davom etadi. Shaharning hunarmandchilik qiyofasi kuchayib, zodagon dehqon qasrlari endi shahar tashqarisida, ularning dala hovlilarida markazlashadi. 1220 yilda Chingizxon qoʻshinlari „Juyi arziz“ toʻgʻonini buzib, shaharni suvsiz qoldirdi. Shahar mudofaachilari tengsiz jangda taslim boʻldilar. Bosqinchilar shaharning devor va darvozalarini vayron qilib saroy, masjid va madrasalarga, aholi xonadonlariga oʻt qoʻydilar. Aholining katta qismi jangda qirildi, hunarmandlar Moʻgʻulistonga haydab ketildi. Shaharni soʻnggi mudofaachilari Jome masjidiga yashirinib, qarshilikni davom ettirdilar. Ularning olovda yongan tanalari jang kiyimida bizgacha yetib kelib, arxeologik qazish vaqtida topildi. „Qoʻrgʻoshin ariq“ qayta tiklanmadi. Afrosiyobda suvsiz qolgan aholi Siyobdan charxpalakda suv chiqarib, kun ko’rgan, soʻng aholi bora-bora Afrosiyobni butunlay tashlab ketgan. Kimsasiz xarobaga aylangan qadimgi Samarqand avvallari „Hisori koʻhna“, „Qal`ai Hisor“ atalib, 17-asrdan boshlab aholi orasida „Qal`ai Afrosiyob“ yoki „Afrosiyob“ deb atala boshlangan.
Afrosiyobda qazishma ishlari ayniqsa Samarqandda Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Arxeologiya instituti tashkil topgach, keng koʻlamda kuchaydi. Yahyo Gʻulomovdan soʻng Afrosiyobdagi arxeologik qazishmalarga G. V. Shishkina, Sh. Toshxoʻjaevlar rahbarlik qildi. Keyingi yillarda (1989 yildan) Afrosiyobni arxeologik jihatdan tadqiq etish ishiga fransuz arxeologlari — Pol Bernar, Frans Grene va boshqalar jalb etilgan. Fransuz arxeologik missiyasi Oʻzbekiston arxeologlari bilan (M. Isomiddinov va b.) hamkorlikda Afrosiyobni oʻrganishda qatnashmoqsa. Oʻzbek va fransuz olimlarining hamkorlikda olib borgan tadqiqot natijalari qadimgi Samarqand tarixiga oid qator masalalarga aniqlik kiritdi, yaʼni miloddan avvalgi 6—5-asrlarga taalluqli shahar mudofaa devorlari ostidan guvalaqdan qurilgan yanada qadimgi devor qoldiqlari ochilib, Samarqandning yoshi miloddan avvalgi 8-asr oʻrtalariga oid ekanligi isbotlaydi; shaharning arki aʼlo qismidan milodiy 8-asrga oid murabba (70×70) shaklidagi Samarqand ixshidlarining mahobatli saroyi qoldiqlari ochildi. Afrosiyobda arxeologik tadqiqot ishlari davom etmoqda.