Samarqand - Amir Temur jome' masjidi
XIV-XV asrlarda – temuriylar davrida Movoraunnahrda obod poytaxtga ega bo’lgan kuchli davlat yuzaga keldi. Bu davlatning poytaxti bo’lgan Samarqandda yirik qurilish ishlari avj oldi. Unda Sharq xalqlarining me’morchilik tajribasi va xalq an’analari mujassamlashgan edi. Samarqand shahridagi Amir Temur jome’ masjidi Markaziy Osiyoda eng yirik inshootlardan biri hisoblanadi. Amir Temur davrining tarixchisi G’iyosiddin Ali Yazdiyning yozishicha, «…801 yilning ramazoni sharif oyining to’rtinchi kunida (1399 yil 10 may) masjid uchun poytaxtning eng yaxshi joyini Amir Temur tanladi. Mashhur ustalar va me’morlar bu ulkan imoratning loyihasini tuzdilar va eng saodatli daqiqada uning poydevorini qura boshladilar…»
Mazkur masjid tarixi haqida Abu Tohirxoja o’zining «Samariya» asarida shunday yozadi: «Amir Temur Ko’ragonning jome’ masjidi shahar ichida, (uning) shimol tomonida, Hazrati Shoh (Dari Ohanin) darvozasining yaqinidadir»… Jome’ning ravoqi ustida: «Amir Tarag’ay o’g’li buyuk hoqon Amir Temur Ko’ragoni 801 yilda ushbu jome’ning solinishiga amr qildi», deb yozilgan. Jome’ darvozasining naqshida esa quyidagi yozuv bor: «Ushbu jome’ni bitkazishga 806 yilda (melodiy 1404) muvaffaq bo’lindi».
Jome’ning eshigi ikki tabaqalik bo’lib, xulo (birinji, mis va rux birga qo’shilib eritilsa, xulo bo’ladi) quyulgan va ustalar jome’ning kirar eriga po’lod qalam uchi bilan juda ham go’zal tabiatli naqshlar qilgan. Jome’ eshigi ustida yozilgan bayt. Uning mazmuni quyidagicha: «Xalq kaftida bori aldov va havasdir. Ish dunyoning yolg’iz egasi bo’lgan tangrining ixtiyoridadir».
Jome’ masjidining umumiy sahni 167x109m, burchaklarida baland minoralar bo’lgan va hozirgi davrda bu minoralar qayta tiklandi. Jome’ masjidi qarovsizlik va zilzilalar ta’sirida asta-sekin emirilib vayron bo’lgan, faqat shimoli-g’arbiy minoraning pastki qismigina saqlanib qolgan bo’lib, uning balandligi 18,2 m. dir Bibixonim jome’ masjidi poydevori xarsang toshdan, devorlari pishiq g’ishtdan ishlangan (qalinligi 4,4 – 5 m).
Ta’mir-tiklashga qadar jome’ masjidi bir-biri bilan bog’lanmagan 6 ta me’moriy bo’laklardan iborat edi. Hovlining to’rida mehrobli va baland peshtoqli bino, ikki yonida uning kichik nusxasi, poyida masjidning ikkiga bo’lingan peshtoqi va shimoli-g’arbda alohida saqlanib qolgan minora bo’lgan. Ilgari bu bo’laklar uch qator oq marmar ustunli, engil ravoqli peshayvonlar bilan birlashgan va ular tepasida gumbazchalar (400 ta) bo’lgan. Ustunlar 480 ta (oraligi 3,5 m) bo’lib, tagkursili, tanasi o’yma naqsh, tepasi rangli koshinlar bilan ishlangan, muqarnaslar bilan bezalgan (hozir ular tuproq ostida ko’milib ketgan, arxeologik qidiruv ishlari natijasida ustunlar, tagkursilar va mayda kosachalardan iborat muqarnasli ustunning boshi topilgan). Har biri tashqi darvozaning peshayvoni bor.
Jome’ masjidining hovli sahniga marmartosh taxtalar yotqizilgan. Hovli o’rtasida marmar toshdan yasalgan ulkan lavh (Qur’on o’qiladigan maxsus moslama) bor, u dastlab asosiy bino ichida turgan 1875 yilda katta gumbazning qulashidan xavflanib, hovli o’rtasiga chiqarib qo’yilgan. Uning atrofi nafis hoshiyalar, muqarnaslar, o’simliksimon naqshlar va yozuvlar bilan bezalgan. Lavh Ulug’bek farmoniga binoan XV asr o’rtalarida yasalgan. Unga «Sultoni azim, oliy himmatli hoqon, dinu-diyonat homiysi, Hanafiya mazhabining posboni, aslzoda sulton ibn sulton, amiri mo”min Ulug’bek Ko’ragon» degan yozuv bitilgan.
Jome’ masjidga kiraverishdagi peshtoqning yuqori qismi 1897 yilgi zilzila paytida qulagan.
Peshtoq mahobatli bo’lib, o’rtasida kengligi 18,8 metrli ravoq bor. Yon tomonlaridagi minoralar peshtoqdan baland. Peshtoqning ichki tomonida kichikroq ravoq o’rnashgan. Unda o’yma marmar hoshiyali darvoza bo’lgan. Uning ustidagi lavhasida masjidning qurilgan yili va Amir Temur shajarasi yozilgan. Qo’sh tavaqali darvoza etti xil temir qotishmasi «haft jo’sh»dan yasalgan. Keyinchalik yo’qolib ketgan. Peshtoqning yon qanotlarida ikkita aylanma zina bo’lib, zinadan yuqoriga- kungura ravoqli maydonchaga chiqilgan va undan minoraga o’tilgan. Peshtoqning keng yuzasi jilvali koshinlar, rang-barang, qalqon shaklidagi naqshlar bilan bezatilgan.
Jome’ masjidining asosiy mehrobli binosi Amir Temur zamonasining me’moriy uslublari haqida tasavvur beradi.
Asosiy binoning old tomonida peshtoq, markazida ravoq va burchaklarida ikkita ko’p qirrali minora bor.
Peshtoq orqasidagi xona oddiy, ammo salobatli handasaviy shakllar yig’indisidan iborat. Kubsimon prizma binoning asosiy hajmi, tomonlari 14,6 m ga teng. Uning ustida xona devorlari bo’ylab o’tuvchi ravoqlardan iborat sakkiz qirrali prizma bor.
Gumbazning doirali asosi sirtiga Qur’on oyatlari bitilib, usti feruza koshinlar bilan pardozlangan gumbaz bilan berkitilgan. Uning kirish tomonlari ham, bosh peshtoq kabi rang-barang koshinlar bilan qoplangan, sopol g’ishtchalar yotiq, sirlangan rangli g’ishtchalar tik terilgan. Asosiy naqsh shakllari tiniq, lojuvard g’ishchalardan terilib, ularning oralig’i zangori g’ishtchalar, oq toshlar bilan to’ldirilgan. Oddiy handasaviy shakllar va pechak kabi chirmashib ketgan yozuvlar, bino bezagining tarkibiy qismini tashkil etadi.
Mehrobli binoning baland minoralari sathi to’rt burchakli kichik izora taxtalarga bo’lingan. Handasaviy shakl va o’simliksimon naqshlar pannolarni bezagan. Ular parchinkorlik, koshinkorlik uslubida ishlangan. Peshtoq devorining yuzasi kesma koshin bilan qoplangan.
Bu koshinlar (ayniqsa ko’k ranglilari) tiniq shisha kabi yaltirab turadi. Masjid yonidagi ikki kichik bino mehrobli xonaning, asosan, kichik hajmdagi takrori bo’lsa-da, naqshlarining soddaligi va gumbazining kunguradorligi bilan farqlanadi. Jome’ masjidining ichki qismini pardozlashda naqqoshlik bezaklari qatorida zarhal bo’rtma gulqog’ozdan keng foydalanilgan.
Samarqand shahrining tarixiy obidalar va Amir Temur jome’ masjidi joylashgan hududida keyingi davrda juda katta hajmdagi ta’mirlash ishlari olib borildi. Masjidning old katta ravog’i, masjid binosini o’rab turgan baland devor, ikki kichik gumbaz va minoralari, ichki katta gumbaz va katta ravoq ta’mirlandi va undagi barcha koshin naqshlar qayta tiklandi.