Samarqand - Polvon ota jome' masjidi
Samarqand viloyati Ishtixon tumani Mitan shaharchasida joylashgan Polvon ota jome’ masjidi ham ziyoratgoh-qadamjolardan biri hisoblanadi. Eski masjidning qachon qurilganligi ma’lum emas. Hozirgi binosi 1989-90 yillarda aholi tomonidan hashar yo‘li bilan bunyod etilgan. Masjidning shimol tarafida “Polvon ota” (Ahmad Zamjiy) maqbarasi joylashgan. Maqbara avvaldan mavjud bo‘lib, oldingi holati kichik va pastqam binodan iborat chillaxona va maqbaradan tashkil topgan edi.
Bu imorat ham 2001-2002 yillarda buzilib, pishiq g‘ishtdan ko‘rkam va yorug‘ qilib qaytadan barpo etildi.
“Polvon ota” (Ahmad Zamjiy) kim bo‘lgani va qachon qaerda tug‘ilib, vafot etgani haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Masjidning o‘zida “polvoni Ahmad Zamjiy daftari soniy” nomli eski o‘zbek yozuvidagi kitob saqlanib, unda asosan jangnoma voqealari bayon etilgan.
Ahmad Zamjiy Hazrat Alining o‘g‘li Muhammad Hanafiyning nabirasi bo‘lgan. Abu Muslim Qutayba bilan zamondosh bo‘lib, janglarda yelkadosh bo‘lganligi aytiladi.
Qabri Mitan qo‘rg‘onidan tashqari Xivada ham borligi, Ahmad Abdol deb atalishi rivoyat qilinadi. Vafotidan keyin jasadi turli shahar shohlari tomonidan talash bo‘lganligi uchun vasiyatiga binoan yetti dona tobut yasatilib, yetti tomonga berib yuboriladi va tobut ochilganida hammasida jasadlari borligi ma’lum bo‘ladi. Xalq orasidagi asosan eski rivoyatlar shaklidagi ma’luomatlar shulardan iborat bo‘lib, boshqa ilmiy asoslangan ma’lumotlar mavjud emas.
Mazkur maqbara mahalliy xalq tomonidan e’zozlanib, ziyorat qilinadi. Bugungi kunda yurtimizdagi ko‘plab boshqa obidalar singari bu yerda ham ziyoratchilar soni oshib bormoqda. Xususan, Nurota, Imom al Buxoriy qadamjolarini ziyorat qilishga otlangan ko‘pgina ziyoratchilar safarni aynan shu Polvon ota maqbarasidan boshlaydilar.
Bugungi kunda maqbara bilan birga masjid ham obod qilingan. Yaqinda masjidga keluvchi namozxonlar uchun yana bir qulaylik yaratildi. Ular uchun qulay va zamonaviy taxoratxona qurilib foydalanishga topshirildi.