Samarqand - Sherdor madrasasi
Samarqandda Ashtarxoniylar davrida Yalangto’sh Bahodir ta’siri sababli qurilish ishlari yanada jonlanadi. Ushbu ma’rifatparvar va saxovatpesha hokimning bevosita tashabbusi va farmoni bilan Samarqand shahrining Registon maydonidagi vayronalikka yuz tutgan hashamatli Mirzo Ulug’bek madrasasida ta’mirlash ishlarini olib borish hamda batamom buzilib ketgan Mirzo Ulug’bek qurdirgan xonaqoh, Mirzoyi hammomi va karvonsaroylari o’rnida ikkita hashamatli inshoot – Sherdor madrasasi (1619-1636) va Tillakori madrasa-masjidi (1646-1660) bunyod etilgan. Buzib yuborilgan diametri 15 metr bo’lgan katta gumbazli xonaqoh o’rnida Mirzo Ulug’bek madrasasining nusxasi sifatida unga qarama-qarshi turgan Sherdor madrasasi bunyod etilgan. Sherdor madrasasining peshtoqi Mirzo Ulug’bek madrasasi peshtoqi bilan asosan bir xil, binolar bir-biriga o’xshash bo’lsa ham, lekin sifat va me’morcilik jihatidan farq qiladi. Sherdor madrasasi sathi 70×57 metr, ya’ni to’rt burchakli shaklda bo’lib, hovlisi ikki qavatli hujralar bilan o’rab olingan, ularning soni 52 ta, hovlining burchaklarida darsxonalar joylashgan. Ammo bu obidada masjid yo’q, janubi-g’arbiy darsxona esa ziyoratxona hisoblangan, chunki unga tashqi tomondan bevosita Imom Muhammad ibn Ja’fari Sodiq mozori maqbarasi tutashgan.
Sherdor madrasasi fasadidagi minora va gumbazlari Ulug’bek madrasasiga o’xshash, ammo orqa tomondagi fasadlar burchagi guldasta minoralar bilan o’ralgan. XVII asrga kelib er sathi madaniy qatlamlarining ko’tarilishi tufayli XV asrdagi dastlabki yer sathidan ikki metrga yaqin baland ko’tarilgan. Ana shuning uchun bir muncha past ko’ringan Ulug’bek madrasasining qisqargan shaklidek barpo etilgan. Sherdor madrasasi qurilganda XVII asr me’morchiligiga xos ancha yangiliklar qo’llanilgan, qurilish jarayonini tezlashtiruvchi va arzonlashtiruvchi ilg’or usullardan foydalanilgan, ammo ʙadiiy bezaklarning ta’sir kuchi bir muncha pasayib ketganligi sezilib turibdi. Lekin ranglarning o’z o’rnida ishlatilganligi va ayrim pannolarning g’oyat nafis bajarilganligi bu yodgorlikni yaratgan me’mor va naqqoshlarning yuksak mahoratidan dalolat beradi.
Naqshlar butun obida yuzini qoplagan. Ularda chok, yirik xandasaviy suls, kufiy yozuv naqshlari va gul bandlari tasvirlarda uyg’unlashgan bo’lib, faqatgina Samarqand obidalariga xos tarzda ishlangan. Aynan shu usul Samarqand me’moriy bezaklar maktabini tashkil qiladi.
Ulkan peshtoq ravog’i tepasidagi timpon diqqatga sazovordir: Qizg’ish zarhal sher, oq ohuni quvib ketmoqda. Quyosh bodomqovoq, kiyik ko’zli doira shaklida tasvirlangan. Uning yuzi esa zarhal yog’du bilan hoshiyalangan.
Butun kompozisiyasi zangori asosda bo’lib, firuza va zarhal bo’yoqlar bilan tasvirlangan hamda bir biriga chirmashib ketgan navdalar, ochilib yotgan oq gullardan iborat. Ana shu ajoyib tasvir tufayli u «Sherdor» nomini olgan, ya’ni «Sherlarga ega bo’lgan» mumtoz musulmon astronomiyasida quyoshning Asad burjida, ya’ni Sher ustida bo’lishi sa’d, ya’ni baxtiyor zamonga ishoradir. Bundan ushbu binoning abjad hisobida: Yalangto’sh – 816, Bahodir – 212, jami 1028 hijriy hisobi, melodiy hisobda 1619 raqamining kelib chiqishi Sherdor madrasasining qurilishi 1619 yilda boshlanganligiga ishoradir.
Madrasa hovlisining dekorativ bezalishi ham uning tashqi devorlari singari boy va xilma-xildir. Madrasa devorlariga bitilgan yozuvlarga uni yaratgan mashhur me’morlar – usta Abdu Jabbor va o’ymakor naqqosh Avaz Samarqandiy nomlari ham yozib qoldirilgan.
Sohibqiron Amir Temurning 660 yillik yubileyi munosabati bilan, binoning janubiy va sharqiy fasadlarini, ikki minorani, bosh fasadni, peşshtoq arkini qayta tiklash va ichki hovlisida konservasiyalash borasida juda katta ishlar amalga oshirildi.